Бундан олдингисини ўқиш учун шу ерга босинг! Давоми :

11. Muhammad Solih bilan bo`lgan munosabatimning sovuqlanishiga olib kelgan sabablar:

Birinchisi: “Birlik” haqida men bilgan haqiqatlar”da keltirilgan 1996 yil 10-fevraldan keyin voqealar munosabati bilan  M.Solihga yozilgan, "Solijon, Samarqandda yomon ishlar boshlandi. Kishilarimiz qamoqqa olinmoqda. Bizni sotish sodir bo`ldi. Men bu ishda Yusufdan shubhalanmoqdaman. Boshqa tomondan bu yigit Istanbulda ham ba'zi noto`g`ri muomalalarga aralash ekan. Istanbuldagi birodarlar 26 ming $ qarz haqida so`zlashmoqda. Menimcha, zudlik bilan Yusufni bizning oldimizdan uzoqlashtirish lozim, deb hisoblayman" mazmundagi mening xatimni M. Solih shikoyat deb atadi. Odamzotining har biri o`z qobiliyatiga, tafakkuriga yarasha fikrlashini va so`zlashini hisobga olib uning “shikoyat atamasiga juda katta ahamiyat bermagan bo`lsamda, mening jiddiy bir maktubimga M.Solihning bunday nazari, birmuncha izzat nafsimga tegmasdan qolmadi, albatta.

 

Aslida men M.Solihni 1995 yil boshida Bashingtonda o`tgan uchrashuvgacha durustroq tanimasdim.  O`sha Vashington uchrashuvidan keyin esa, o`zaro munosabat larimiz bir muncha durustlashgandi. Shuning natijasida M.Solihning ikki ukasi va uning bir necha shogirdlari bilan birgalikda “ERK”, “BIRLIK” va “FORUM”  gazetalarining yangi nashrini tashkil qilgandik. Ishimiz ham durustgina yurishib tugandi. Ammo 1995 yilning oxirida bizga Yusuf Ro`zimuradov (Bu odam haqiqiy josus edi. Uning josusligiga dalillar boshqa joyda keltirilgan.) ismli birisi qo`shildi-da, ishlarimiz butunlay boshqa tus oldi. Ya’ni qancha ovoragarchiliklar bilan yaxshigina izga tushirilgan ajabtovur gazetachilik ishimiz, Yu.Ro`zimurodov bizga qo`shilganidan keyingi ikki-uch oy davomida to`lasincha  buzilib ketdi. 

 

Shunday qilib, M.Solihning meni shikoyatchiga chiqargan xatiga uch xil variantda javob yozdim. Eng so`nggi, ancha tahrirlangan, his-hayojonli erilari tushurib qoldiril gan varianti budir:

 

“Assalomu alaykum Solijon!

Bu xatni yozish men uchun nihoyatda og`ir bo`lishiga qaramasdan, uni yozishdan o`zga iloj topa olmayapman.

 

Mening Istanbuldan Kievga kelishimga bir qator “ajoyib” voqealar tayyorlab qo`yishibdilar. Ular haqida bir muncha to`laroq yozishga harakat qilaman. Men Kievga 09.02.96 ertalab soati 04:00-da etib keldim. Meni kutib olishdagi holat, tushunmovchilikmi yo ataylab shunday qilishdilarmi, buni ham aytib o`tirmayman. Aslida u ham mulohaza qilishga arziydi. Bu vaqt, aloqachimiz Qobuljon Kievga kelib turgan ekan. Uni 19.02.96-da Xorkovdan O`zbekistonga qaytarmoqchi edik. Ammo 10.02.96 kuni O`zbekistondan “Qobuljon Samarqandga qaytmasin”, degan xabar keldi. Bundan so`ng esa, Sulaymon Murodov nomidan yana battariroq noxush darak oldik. Sulaymon shaxssan menga telefonda Samarqand universitetining ikkita o`qituvchisi qamoqqa olinganini xabar qildi. Ular:

 

1. G`aniev Xoliqnazar- universitet Amaliy matematika fakulteti professori, eng faol Birlik-chilarimizdan. U kishi 1995 yilning boshida ham xuddi shu masalada 45 kun qamoqdaxonada o`tirgan edi.

 

2. Baxtiyor Nabi o`g`li - fizika fakulteti o`qituvchisi, fan nomzodi, partiyasiz, bizning ishimizga xayrxohlardan. Bu kishi Qobuljon bilan qishloqdosh. Qobuljonning qishlog`idan Samarqand shahariga gazeta olib borardi.

 

3. Diyorov Qobuljon - bizning aloqachimiz, Kievdan Samarqandga gazeta tashiydi. U Samarqandda bo`lmagani uchun, unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Qobuljon 1991 yilga qadar Samarqand qishloq xo`jaligi texnikumida o`qituvchi bo`lib ishlardi. Ammo uni ”Birlik”chi bo`lganligi uchun ishdan chetlashtirishgandilar.

 

Bizga kelgan xabarda aytilishicha, qamoqqa olinganlarning har uchalasinikida ham uylari tintuvdan o`tkazilgan. Shu kunlarda X.G`aniev va B.Nabi o`g`li Samarqand shahar qamoqxonasida saqlanmoqda.

 

4. 16.02.96 kuni esa, mening haqimda yangi xabar keldi. Xabarga ko`ra menga qarshi yangi kompaniya boshlashgan. Shahar militsiyasi va KGBisiga yangi ko`rsa tmalar berilgan. Ular mening Istanbulga borib kelganligim haqida yaxshi ma’lumotga egalar va ular meni Istanbulga tijjoriy ishlar bilan borib keldi, deb bilishadi. Mening Istanbulga ketishimni esa, siz va Kievdagi yigitlardan boshqa hech kim bilmas edi. O`zbekistonga hech kimga bu haqda xabar bermagandim.

 

Faqat shunday bo`lgandiki, Yusuf (Ro`zimuradov Yusuf haqida gap ketmoqda) mening Istanbulga ketish sababimni so`rab qo`ymaganidan so`ng, men unga, ”biroz pul ishlab kelmasak bo`lmay qoldi. Turkiyadagi biznesmen do`stlarim bilan bir muncha bisnes qilmoqchiman”, degan edim. Mening “tijjoriy” ishlarim shu erdan chiqmoqda. Men faqatgina Yusufga aytgan so`zim Samarqandga qanday borib etdi???

 

5. 25.02.96 kuni Qobuljonning tug`ishgan akasi Boboev Hakim (bobosi ismida) ham qamoqqa olingan. Hakim ukasi o`rniga qamoqqa olindi. Undan ukangni topib berasan, deb talab qilishayapti. Hakim ”Erk” a’zosi bo`lib, partiyaning shahar komiteti a’zosi. Ammo gazeta ishlariga mutlaqo aralashmagan edi. Uni faqat va faqat ukasi uchun qamab o`tirishibdilar.

 

Bu faktlar, bu qatag`onlar hech narsadan darak bermaydi deb o`ylaysizmi? Bular Samarqandga yangidan bir jiddiy xabar, jiddiy bir ma’lumot etganligidan xabar bermaydimi?

 

Sizga yozgan xatdan so`ng bir tomondan Samarqanddan noxush xabarlar kelishi to`xtamayotgan bo`lsa, ikkinchi tomondan mening Yu. Ro`zimuradovga nisbatan shubham zarracha kamaygani yo`q, aksincha u yana oshmoqda.

 

O`zbekistonga yangi xabar Yusuf tomonidan etkazildi. Hech bo`lmaganda hozirgi qama-qamalar to`lasincha Yusufning ko`rsatmasiga muvofiq amalga oshirilayapti. Chunki u qiziqmagan birorta kichik-mayda ish yo`q. U yigit hamma-hamma narsalar bilan, ayniqsa men va Qobuljonning har qadamimiz uning kuzatuvida qoldi.

 

Hozir ”Erk” gazetasining keyingi soni (Bilmadim, maketlari tayyor turgan ”Forum” va ”Birlik” gazetalari nashrga berilmnabdi) va Istanbuldan men keltirgan kitoblar tarqatilmay turibdi. Bizning qaysi tualetga borishimiz ham e’tiboridan chetda qomaydigan Yusufni gazetaning tarqalishi va sizning kitobingiz taqdiri mutlaqo qiziqtirmaydi. Bu masala uni qiziqtirsa ham boshqa ma’noda va boshqa tartibda qiziqtiradi.

 

Solijon, meni bag`ishlang va tushuning. Kievda yo`lga qo`yilgan ishlarda mening anchagina hissam bor, deb hisoblayman. Bu bilan men umumiy ishimizga baholi qudrat hissa qo`shayapman, deb juda mamnun edim. Afsus, bu ish ham josus va dushman qo`li bilan vayron bo`ladigan ko`rinayapti.

 

Ta’kidlash lozimki, bugun birdan bir ishlab turgan guruh biz edik. Bu ishga ham ko`lanka tushirishdilar, shekilli.

 

Shuni ham tushuningki, men shikoyat qilyotganim yo`q, aksincha himoya izlamoqdaman. Bu himoya faqat menga va o`z safdoshlarimga emas, sizga, ukalaringizga, umumiy harakatimizga ham juda-juda zarurdir.

 

Zarari ko`rinib turgan ko`ngulchaklikni oqlab bo`lmaydi, unga hech qanday dalil yo`q.

 

Bir zamonlar Olmoniya konslerligiga saylangan mashhur olmon sotialisti Villi Brand o`z yordamchilari orasida josus borligini aniqlangandan so`ng iste’foga ketganligini eslarsiz. Ammo meni to`g`ri tushuning, men hatto iste’foni emas, yonimizda, oramizda josus borligini, uni ko`rish zarurligini ta’kidlamoqchiman.

 

Men Yusufdan butunlay uzoqlashishni, hatto to`la undan ozod bo`lishni taklif qilaman. Ertami - kechmi hamma narsa aniq bo`ladi, bu tarixning hukmidir. Ammo unga qadar biz ancha narsa yo`qotib ulguramiz. Balki, allaqachon ko`p narsalar yo`qotdik.

 

”Forum” va ”Birlik” gazetalari nashrini to`xtatib qo`yish to`g`ri emas. Nodo`stlarimiz ustimizdan kuladilar. Ikki oyda bir marta bo`lsa-da, u gazetalar chiqib turishi zarur.

 

Solijon, endi ikki og`iz, shaxsiy hayotimga oid ba’zi gaplarni ham yozmoqchiman. Aslida mening bolalarim, qarindoshlarim doimiy taqib va har xil  ruhiy, iqtisodiy jazolarga duchor qilinmoqda. Ammo u qiynoqlar haqida xotinimning iltimosiga ko`ra xalqaro matbuotda chiqish qilmay kelaman. Uning aytishicha mening xalqaro tashkilotlarga murojaatim bolalarim ahvolini battarlashtirishi mumkinmish. Balki haqiqatdan ham u haqdir. Faqat bir o`g`limni 1995 yili Moskvaga chaqirib olib, uni Moskvadagi inqirozga uchragan bir zavodga ishga joylashtira olgandim. Chunki u ishlab turgan Samarqanddagi do`konni ham mening bolam u erda ishlayotgani uchun yopib qo`yishgandi. Ana shu o`g`lim hozir oshqozon xastaligi bo`yicha Moskvada operatsiya bo`ldi. Bilasiz, hozirgi Russiyada “bolnichniy”, degan gaplar yo`q. Ikkinchi o`g`lim oliy ma’lumotli injener mexanik, u ham otasi hisobidan ishdan haydalib, olti oydan buyon ishsiz edi. U ham O`zbekistondagi keyingi mash-mashalar va qamashlardan keyin (20.02.96) Moskvaga qochib keldi.

 

Shu sabablar bilan men biroz moddiy yordamga juda muhtojman va hozir Moskvaga kelishga majbur bo`ldim.

 

Solijon, uzr, xat biroz cho`zilib ketdi.

Sizga hurmat va ehtirom bilan Aliboy Yo`lyaxshiev. Xatning yozilgan aniq vaqti ko`rsatilmagan. Har holda bu xat 20. 02.1996 – dan ko`p o`tmay yozilgan bo`lsa  kerak.

 

Yuqoridagi M.Solihga atalgan xatning ikkinchi varianti ham saqlangan ekan, u mazmun jihatidan yuqorida keltirilganidan keckin farq qilmasada, uni ham bu erda keltirmoqchiman. Chunki bunisida biroz zarda hissi sezilib turibdi. Bu:

 

“Assalomu alaykum, Solijon!

Ishlaringiz, sog`ligingiz yaxshimi?

 

Men bundan burun ham xat orqali sizga ko`ngul xushlamaydigan bir kichkina xabar yuborgandim. O`sha xabarda ismi keltirilgan shaxsning (Yusuf Ro`zimuradov ko`zda tutilmoqda) “sodiq” xizmati tufayli hibsga olingan do`stlarimiz (Xoliqnazar G`aniev, Baxtiyor Nabi o`g`li) hamon ozod etilganicha yo`q. Ularga qo`shimcha, keyingi etti oy davomida bevosita aloqachi bo`lib turgan kishimiz- Diyorov Qobiljonning akasi-Hakim Boboevni ham qamoqqa olishgan. Undan ukasini topib va ushlab berishni talab qilmoqdalar. Qobuljon esa, hozircha bizning oldimizda (Kievda). U Samarqandga qayta olimay turibdi. Kunlik ovqati uchun bozorga chiqib chayqovchilik qilayapti.

 

Mening haqimda ham O`zbekistonda barcha organlarga maxsus ko`rsatmalar tarqatilgani rost. “Sodiq” yigitni so`nggi kuzatishlar avvalgi shufhalarni zarracha ham kamaytirmadi. U shufhalar, yangi dalil bo`la oladigan ko`rinishlar va “sodiq”ning harakatlari bilan yanada mustahkamlandi.

 

Men, bu “sodiq”ni va uning hadi-harakatlarini kuzatib, ko`rib turib, uning nishonidagi asosiy kishi men bo`la turib va Samarqandda uyim, bolalarim ochiq tahlikada qolib turgan bir holda bu voqealarni e’tibordan chetda qoldira olmayman. Mening kuzatishlarim va u “sodiq”ning menga va Qobuljonga nisbatan qilmishlari boshqa xulosa qilishga yo`l bermaydi.U ba’zan ochiqdan-ochiq bizga (Kievdagilarning hammasiga) nisbatan surbetlarcha muomala qiladi, ya’ni bizni ahmoqlacha ergashtirib yurganligini yashirib ham o`tirmaydi. Ammo bizning (Siz bilan mening) “aqlli” ukalarimiz uning bu surbetligini faqat Yo`lyaxshievga va Diyorovga tegishli, deb hisoblashadilar. Ammo u “sodiq” esa, “Qizim senga aytaman, kelinim sen eshit” prinsipida ishlayapti.

 

Bordi-yu, “sodiq”ning oshkora josusligi faqatgina men va Diyorovga qaratilgan bo`lganda ham bizni josuslarcha kuzatayotgan bir kimsaga sizning ukalaringiz tarafidan ko`rsatilayotgan bunaqa iliq munosabat menga tushunarli emas.

 

Silar (siz ham ukalaringiz ichidasiz) shaxsan o`zlaringga hujum boshlanguncha kutayotgan bo`lsalaring, u holda silar to`g`rilab bo`lmas xatoga yo`l qo`yapsilar. Xomtama bo`lmanglar, hali silarga hujum bo`lmaydi. Silarga hujum qilishga biroz vaqt bor ko`rinadi. Hozircha bu “sodiq”qa M.Solih atrofida kishilarning yig`ilmasligi uchun ishlash buyurilgan. Zotan u bu vazifani anchadan buyon bajarib kelayapti. Turkiyada yig`ilganlarni ham shu tarqatdi. Mana bugun bu erda biroz yig`ilgandik buni ham u “sodiq yigit” bitirdi.

 

Bilmadim, siz xabardormisiz yoki yo`q, ammo bizning Kievdagi ishimiz hozir deyarli to`xtadi. Kitob va “Erk” gazetasining so`nggi sonini tarqatish masalasi muammo bo`lib turibdi.

 

Biz gazeta tarqatishga yana bir kishini jalb etayapmiz. U ishga kirishdi hisob. Alloh saqlasin, bu kishini hozircha u betavfiqdan uzoq saqlab turibmiz. Bu sirning uzoq saqlanishiga menda ishonch oz.

 

Aytishim kerakki, o`tgan bir yarim yil birga ishlash davrimizda mendan ko`proq elib-yugurgan kishi bo`lgani yo`q. Ikki tonnadan ortiq kitob va gazetalarni Moskva vokzallarida elkamda tashib, Qirg`iziston-O`zbekistonga jo`natish, Kievga ko`chish va Kievda o`rnashishdagi tashvishlarni engishda asosiy rolda turish, Kievda bizga ayrim moddiy yordamlar tashkil etish (masalan, shaharlararo telefonda so`zlashuvlarimizni Kievdagi mening do`stlarim hisobidan tashkil etish) kabi ishlarni ham men bajardim, mening hisobimdan bo`ldi, desam haqiqatni yuzaga chiqargan bo`laman.

 

Bilsasiz, yaqindagina Pirmat yaxshigina maosh bilan ishga joylashdi. Bu ham to`lsincha mening xizmatimdir. Ammo men bu ishlarni biror kimsa uchun bajardim, deb hisoblamayman. Men harakatimizga yordam sifatida hech bo`lmasa shunaqa ishlarni bajarmoq uchun Vatanni tark erganman. Shuning uchun men bu gaplarni minnat shaklida emas, balki sistemaga kirib, yaxshigina ishlab turgan bir ishchi guruhning josus qo`li bilan tugatilayoganidan achinish sifatida aytayapman, xolos. Uning ustiga faol ishlab turgan bir safdoshga bunday munosabat, hatto unga dushmanlarcha munosabatni tushuna olmayotganligimni aytmoqdaman.

 

Shu sabab men sizga yana takror xat bilan murojaat qilishni lozim topdim. Balki bu xatga ham shikoyat, deb nom qo`yilar. U yog`i o`zlariga havola. Biroq Kiev guruhi birdan bir real ishlab turgan va birlashgan muxolifat timsoli edi. Biz uchta gazeta nashr etib turgan edik. Bu bilan do`stu-dushman oldida ko`ksimiz tik edi. Bugun esa, bu ish to`xtab turubdi. Hatto Kievdagi ishchi guruhi tagiga suv qo`yildi, deb bemalol aytsa bo`ladi.

 

Men yana bir holga e’tibor bermasligim xato bo`lardi, deb hisoblayman.Ya’ni men Istanbul ko`chalarida kitob elkalab yurgan zamonda, yigitlar Kievda faqat bittagina “Erk”ni nashr etishdi. Vaholanki, har uchala gazeta uchun materiallar tayyor edi. Balki mablag` masalasi shunday yo`l tutishga majbur qilgandir? Yo`q unday emas. Chunki biz kelishgan nashriyot 200 amerika dollariga har uchala gazetani ham nashr qilardi. Bular faqat “Erk”-ning o`zginasiga negadir 200 - sarflashgan. Balki “Erk”-ning nusxalarini ko`paytirgandirlar, dersiz? Hamma gap shundaki, gazetaning nusxalar soni ham ortmagan, axir. Shunday ekan, materiallari tayyor turgan gazetalar nega nashr etilmadi???  Bu masalalarga siz qanday qaraysiz? Ammo men bundan mutlaqo boshqacha xulosa chiqarmoqdaman va bunda haqliman, deb o`ylayman.

 

Materiallari to`la tayyor turgan va ular komputerda maketlangan gazetalarni nashrdan qoldirib yuborish ham o`sha “sodiq”ning xizmatidir. U bu ishni balki sizning qo`lingiz bilan bajargandir.

 

O`ylaymanki, ba’zi bir xulosalar qilmoq uchun shuyog`i ham etarlidir.

Solijon, uchala gazetani ham chiqarib turish nihoyatda zarur. Ularning birortasining to`xtab qolishi nomimizga yaxshi bo`lmaydi.

 

Boshqa bir narsa ham mutlaqo oydin.U “sodiq” bilan yaqin bir joyda mutlaqo ishlab bo`lmaydi. Uning Kievda turishi eng avval siz va ukalaringiz uchun nihoyatda xavfli, deb  hisoblayman.

 

Solijon, xat ohangi uchun uzr. Chunki men bu masalaga boshqa qaytmoqchi emasman. Hali ham iloji boricha iboralarni saralashga urindim. O`ta shaxsiy o`pka-ginalarni chetlab o`tdim, deyishim mumkin.

 

Sizga salomlar yo`llayman.

Ehtiromlar bilan, Aliboy.

 

Иккинчиси: 1996 yil oxiriga kelib esa, gazetachilik ishimizda yuz bergan buzilishlardan keyin, o`sha yilgi voqealarga va umuman muxolifat harakatimizga baho berish kerak degan xulosaga keldim va “Ozodlik” radiosida chiqish qilib, muxolifatning chet eldagi ahvoliga munosabat bildirdim. Bu munosabatni, “Ozodlik” radiosida o`qib eshittirilgan “O`zbekiston oltinlari haqida”, deb atalgan chiqishimda so`zlab o`tdim.

 

Masalaning mohiyati o`quvchiga yaxshiroq tushunarli bo`lishi uchun avvala o`sha radioda so`zlaganlarimni keltiraman. Ular esa tubandagicha tuzilgandi:

 

12. “O`zbekiston oltinlari haqida.

Aytishlaricha, rahmatli Sharaf Rashidov, o`z yaqinlaridan biriga, “O`zbekistondan olinayotgan oltinlarning 1%-i O`zbekistonda qolsa edi, har bir o`zbekning ostonasi oltindan bo`lardi”- degan ekan.

 

Ha, haqiqatan ham O`zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari ichida tabiiy va boshqa boyliklari jihatidan eng boy mamlakat hisoblanadi. Masalan, quyidagi raqamlarga bir qarang. O`zbekiston oltin zohiralari (zapaslari) jihatidan jahonda 4-nchi o`rinda tursa, uni qazib olish bo`yicha esa, 7-nchi o`rinni egallab turibdi. O`zbekistonda yiliga 80 tonnadan ko`proq oltin qazib olinadi. Zarafshon shahrida dunyoda eng katta oltin tozalash zavodi bor. Bu zavodda 18 ming kishi xizmat qilayotgani ham korxonaning chindan ham ulkanligini bildiradigan bir ko`rsat kichdir.

 

Aytilganlardan tashqari O`zbekiston ko`pgina qishloq xo`jalik mahsulotlari ishlab chiqarish, xom ashyolar etishtirishda ham jahonda ko`zga tashlanadigan o`rin egallaydi. Masalan, dunyoda eksport qilinadigan paxtaning 50%-ni O`zbekiston (20%) va AQSh (30%) nazorat qilib turibdi.

 

O`zbekistonda oltindan tashqari hozirgi zamon texnologiyasi uchun juda zarur bo`lgan ko`pgina ma’dan va neft zohiralari bor. Ulardan anchaginasi hoziroq qazib olinmoqda. Respublikada dunyo bo`ylab tanqis hisoblangan juda ko`p meva turlari, jun, qorako`l teri etishtiriladi. 

 

Biz, yuqorida O`zbekistondagi boyliklarning faqat bir qisminigina sanadik, xolos. Ammo mamlakatda etishtirilayotgan ana shu oltin, neft va paxtaning o`zginasi ham 23 million aholisi bo`lgan O`zbekiston Respublikasining iqtisodiy jihatdan jahonda mustahkam va munosib o`rin egallashi uchun etarlidir.

 

Afsuslar bo`lsinkim, O`zbekiston hamon iqtisodiy bo`hrondan boshini ko`tara olmayapti. Respublikaning iqtisodida raqobatli bozor iqtisodiy munosabatlari paydo bo`lmayapti. Bu erda iqtisodning xususiy sektori hatto sezilmayapti. Bevosita Davlat boshqaruvida qolayotgan qishloq xo`jalik jamoalari (kolxozlar, sovxozlar) va sanoat ishlab chiqarish korxonalari (fabrika, zavodlar) yildan-yil iqtisodiy nochor bo`lib qolishayaptilar.

 

Natijada aholining iqtisodiy va ijtimoiy ahvoli yomonlashib qolmoqda. Respublika fuqarosi asosan tomorqa va chayqov savdosi hisobiga yashashga majbur bo`lib turibdi. Hukumatning ilmga, tajribaga asoslanmagan uquvsiz ma’muriy harakatlari, ya’ni uning yangi qarorlari  va ko`rsatmalari xalq uchun, mamlakat uchun zarur bo`lgan natijalarni bermayapti. Nima uchun shunday bo`layapti? Ketma-ket e’lon qilinayotgan prezident farmonlari ko`rinishdan ayni dolzarb iqtisodiy masalalarga bag`ishlanganday bo`ladi-ku. Agar prezident farmonlarini sharhlagan O`zbekiston rasmiy matbuoti materialariga qarasangiz, ular (farmonlar) favqulodda muhim va ahamiyatli iqtisodiy masalalarga bag`ishlangandir. Biroq Respublika hayotida favqulodda o`zgarishlar yuz bermayapti. Buning sabab nimada, ajabo?

 

Menimcha, sabab shundaki, O`zbekiston hukumati chinakamiga islohot yo`liga o`ta olmayapti. Qishloq xo`jaligi va sanoatda islohotlar nomi bilan o`tkazilayotgan ma’muriy ta’mirlashlar (remontlar) ijobiy o`zgarishlarga olib kelmadi va kelmaydi. Aksincha ular hatto eski sovet davri mehnat intizomini ham bo`shashtirdi va ularni izdan chiqardi. Umum xalq mulkining talon-toroj bo`lishiga olib keldi.

 

Uch-to`rt minutga mo`ljallangan bu xabarda iqtisodiy islohotlarning asosiy prinsipi va ularni amalga oshirish usullari haqida chuqur fikr va xulosalar aytish imkoni yo`q, albatta. Biroq prinsipial bir masalani aytmasdan ham bo`lmas. Ya’ni davlat boshqaruv sistemasida madaniy muloqatga asoslangan ko`pfikrlilik vujudga kelsagina, unday davlat tuzumida siyosiy islohot amalga oshadi. Raqobatli xususiy mulkchilik paydo bo`lmas ekan, iqtisodiy islohotlar ham bo`lmaydi.

 

Ijtimoiy ahvol, aholi turmush sharoitining yaxshilanishi davlat tuzumining demokratlashuviga, iqtisodda chindan ham rivojlanish yuzga kelishiga chambarchas bog`liqdir. Bu esa, jamiyatda hukmron bo`lgan hukumat siyosatiga muxolif kuchlarning faoliyat ko`rsatishini taqozo qiladi. O`zbekistonda mavjud hukumat siyosatiga muxolif kuch bormi? Qisqacha aytsak, bugun unday kuch yo`q.

 

Bugungacha qisman Vatanda, qisman chet elda o`zlarini muxolifat atab kelayotgan “Birlik” harakati va “Erk” partiyasi vakillari muxolifat kuch sifatida birlasha olmay, ular deyarli tarqab bo`ldi. Shu zamonda ular siyosat bilan emas, balki ko`proq o`z shaxsiy iqtisodiy sharoitlarini yaxshilash bilan mashg`ul bo`lib qoldilar.

 

Shuning uchun bugun O`zbekistonda yangi sharoit vujudga keldi, deb hisoblamoq zarur. Birinchidan, O`zbekiston yagona partiyaviy (yoki to`g`rirog`i partiyasiz)  hukumatga ega bo`lib qoldi. Bu esa, barcha yangiliklar va islohotlar yo`llarini yopib qo`ydi. Ikkinchidan, muxolifat kuchlar tashkiliy jihatdan ham, iqtisodiy jihatdan ham bir mustahkam g`oya va reja atrofida jipslasha olmay parokandalikka yuz tutdi. Natijada, ular (chet ellardagi o`zlarini muxolifat a’zolari, deb hisoblaganlar) yakka-yakka “kurashchilar”ga aylanib qolishdi.

 

Demak, O`zbekistonda bugun mutlaqo yangi siyosiy vaziyat paydo bo`ldi. Ya’ni hukumat yakka hokimlikdan mahliyo bo`lib qolgan, muxolifat tarqab ketgan bir vaziyat yuzaga keldi.  Ana shunday bir zamonda, shunday bir vaziyatda umidbaxsh dastur va rejalar e’lon etish zarur, deb o`ylayman.

 

Shuning uchun O`zbekiston milliy-ijtimoiy sharoitini, u erdagi hayot tarzini hisobga olgan, jahon demokratiyasi prinsiplariga asoslangan dasturga ega partiya tuzish uchun vaziyat etishdi, deb hisoblayman.

 

Shu sababdan chet eldagi muhojirlarni Vatanga qaytishga da’vat etaman. O`zbekiston hukumatidan esa,  yangi sharoitda yangicha fikrlaydigan va yangicha faoliyat ko`rsatadigan muxolifat kuchlarning tashkil bo`lishiga halaqit bermasliklarini so`rayman.

 

Hukumat ham, unga muxolifat ham O`zbekistonning, uning mehnatkash xalqining farovonligi uchun qayg`uradigan bo`lsalar nima uchun birga, murosada, madaniy raqobatda yashay va ishlay olmaydilar?

 

Vatan kelajagi va uning xalqi farovonligi yo`lida faqat Vatanda samarali mehnat qilish mumkin. 21 dekabr 1996 yil, Yo’lyaxshiev Aliboy.”

 

Ana shu 1996 yilning oxirida yuqorida matni keltirilgan maqola, “Ozodlik”da efirga chiqarilgan zamonda 1995 yili qayta nashr qilina boshlagan “Forum” va “Birlik” gazetalarini chiqarish to`xtab qolgan bo`lsa-da, gazetalarni nashr qilish munosabati bilan yig`ilishgan “Birlik”-chi va “Erk”-chilar guruhi nomigagina hali ham Kievda birga yashardilar. Bu vaqtlarga kelib, men yakka o`zim deyarli alohida yashardim. Gazeta nashrining to`xtab qolish sabablari alohida bir masala. U haqda alohida yoziladi.

 

Men radioda chiqish qiliganim hamon M.Solihdan faks-telegramma keldi. Faks tekstining orginali (krill harflarida) eskirib qolgan bo`lsa-da, u saqlanmoqda. Bu erda uni to`la ko`chirib yozman:

 

“Alibay Yo`lyaxshievu (matnda shunday rus tilida yozilgandi).

“Ozodlik”da muxolifat tarqab bo`ldi, deb eng katta xiyonatni qildingiz. Olloh sizni isloh qilsin! M.Solih. 21.XII.96”

 

Biroq Po`latov jim edi. Balki u o`sha kuni radio tinglamagandir. Ammo keyinroq kimlardan dir eshitib, boshqa birovdan eshitgani bo`yicha biror narsa aytishni o`ziga ep bilmagandir. Lekin o`sha vaqtlari Turkiyada Po`latovga yaqin yashashgan ba’zilarning aytishicha Po`latov bu voqeadan xursand bo`lganmish. Chunki gazetalarning chiqib turishi aslida “Birlik” va “Erk”ning birligini namoyish qilnayotgan edi. Mening radiodagi so`zlarim esa, ana o`sha birlikka ham putur etganidan darak berardi. Shu sababdan Po`latov quvongan bo`lishi juda ehtimol. Chunki bunday bir birlik ayniqsa Po`latovning shaxsiy manfaatlariga mutlaqo zid edi.

 

M.Solihdan olingan faksni o`qiganimdanoq men ham darhol M.Solihga javob yozdim. O`sha javobning eng ilk variantini topish mumkin bo`lmadi. Undan faqat bir varaq qo`lyozma boshqa qog`ozlar ichida aralashib saqlanib qolgan ekan. U juda chala xat, uning boshi ham, so`nggi ham yo`q. Ammo bu bir varaq qog`ozdagi so`zlar xatning ilk varianti naqadar jahlli bo`lganligidan darak beradi. U chala parcha mana budir:

 

“(bungacha anchagina achchiq so`zlar va bir qator “uchun”lar kelgan bo`lsa kerak, albatta.) ... ligi uchun, O`zbekistonni qanaqadir lo`lilar boshqarayotganlari uchun ham ularga qarshi kurashga otlanganman.

 

Yuz ellik yil davomida manqurtga aylantirilgan xalqni yana aldashlariga, hatto o`zlarini o`sha el farzandlari, deb hisoblaganlar ham faqat tor shaxsiy manfaatlari uchun yolg`onga, aldashga o`tishlarini jinimdan yomon ko`raman.

 

Shu kunlarda chet elda muhojir bo`lib turgan o`rtoqlar ma’lum bir tizimga (strukturaga), dasturga va rejaga ega muxolifatmiz, deyishlari ochiqdan - ochiq o`zbeklarni aldashdan boshqa hech narsa emas.

 

Bugun chet elda ham, Vatanda ham pichoqqa sof bo`larlik muxolifat yo`q va sovetlarda “qayta qurush” shabadasi bilan maydonda ko`ringan kishilar guruhi ham silarning (muxolifat rahbariman, deb kekkayganlarning) uquvsizliklaring va manfaatparastlik xastaliklaring qurboni bo`ldilar. Chet elda muxolifat hisobida yurganlarning eng oz yarimi josus va qolganlari esa, o`sha josuslar qo`lida qo`g`irchoqqa aylanib qolgan ayanchli kimsalardir.

 

Do`stni dushmandan ajrata olmaslik xiyonatdir, jinoyatdir.

Olmoniyada bir zamonlar Bosh vazir (kontsiler) bo`lib saylangan taniqli sotsialist Villi Brant o`z vazifasida olti oy ishlagandan so`ng, uning o`n beshta yordamchilaridan biri josus ekanligi aniqlanadi. Bu voqeadan keyin V.Brant zudlik bilan o`z iste’fosini e’lon etadi va darhol Bosh vazirlik lavozimidan voz kechadi. Bizning zulmga qarshi “kurashchilarimiz” esa, josuslar bilan birga yashashni va ularga qarshi ularning o`zlari bilan birga “ishlashni”  osoyishtaroq, deb bilishadilar. Yo Alloh! Bu nimasi?

 

Men ko`rib turgan josuslarning ismlarini ham keltirib qo`ya qalayin. Ular Abdusalom Ergashev (buni o`zingiz tastiqlagansiz) va Yusuf Ro`zimurodovdir (bunisi Kievda, bizning oldimizda josusliklarini ochiq bajarmoqda va u sizning eng ishonchli “odamingiz”dir). Bulardan tashqari men va siz tanimaydigan, tanisak-da hali ularning kimligini bilolmaganlarimiz borligi ham tabiiydir.

 

Shuni ham aytayki, Yusuf haqida men yanglishayotgan bo`lsam, behad xursand bo`lardim va o`zimni  o`zim jazolagan bo`lardim, muxolifatlikdan ham voz kechardim. Chunki nima qilayki, mening qo`limdan boshqasi kelmaydi.”

 

Mazkur xatning biroz tahrirlangan varianti esa, 25.12.96 yil. sanasi bilan belgilanib, quyidagi ko`rinishni olgan ekan:

 

“Solijon, atamani o`z o`rnida ishlatmabsiz, uning adresini adashtirib qo`yibsiz (faksdagi “xiyonat”so`zining adresi haqida so`z ketayapti).

Aslida xiyonat bir muncha avval boshqa shavvozlar (sizga juda yaqin bo`lganlar) tomonidan sodir qilindi. Uni siz ko`ra olmagan bo`lsangiz, “kuzgudan ayb izlamang”.

 

Agar masalaga Siz va men oramizdagi munosabat shaklida qarolsa, u holda men Istanbul ko`chalarida qog`oz elkalab, Istanbuldan Kievga qadar kitob orqalab sarson-sargardon yurganim zamonda xiyonat sodir etilgandi. Maketlari komputerda tayyorlab qo`yilgan “Forum” va “Birlik” gazetalarini yil boshida chiqarmaslikka qaror qilinganda chindan ham xiyonat sodir bo`lgandi. Yo bu holga ham isbot kerakmi?

 

Moskvada qolib ketgan bir qancha ming nusxa “Erk” gazetasi va sizning kitoblaringizni vokzalma-vokzal elkamda ko`tarib tashib, muxolifatning eng qora ishlarini Vatan uchun deb bajarib yurganimda, ne mashaqatlar bilan yo`lga qo`ygan aloqachilarimni qamoqqa tashlatib, mening o`zim ustimdan yangi jinoyi ish (keyingi ikki yil ichida, chet eldagilardan birdan-bir faqat mening ustimdan) ochtirilganda xiyonatga yo`l qo`yilgandi.

 

Qonun - qoidalarga itoatkorlik va demokratik prinsiplarga rioya qilishni hayot tarzim hisoblab, Karimovning diktatorlik rejimiga qarshi kurashishda avval shallaqi Po`latov bilan (anchagina vaqt) hamkorlik qilganligimni va undan so`ng sizni vatanparvar, deb hisoblab yana bir muncha oltin vaqtlarni sarflashlarim nimadir, deb atashga loyiqdir, albatta. Uni siz xiyonat, deb atabsiz. Nima ham, deyman har kim o`z aqliga yarasha fukrlaydi va xulosalar yasaydi. Ammo bu fikr va xulosa, baho afsuski, Karimovchilar menga berganidan hech bir tomonidan farq qilmaydi. Bilmay qoldim, qaerda Karimov va qaerda “muxolifat liderlari”, ya’ni  siz hamda Po`latov???

 

Mening takidlaganlarim, katta xiyonatning bir zarrachasidir. Alloh buyursa, Vatanga qaytganda hammasi ham ochilar.

 

Muxolifatning tarqab bo`lishiga kelsak, bu fikr eng avval menga tegishli va u mening shaxsiy fikrim, mening shaxsiy xulosam. Bilasiz, demokratik jamiyatda har bir shaxs o`z mustaqil fikrini erkin ifodalashga haqli.

 

Shuni ham aytayki, men yolg`onga, aldashga chin qalbdan qarshiman. Soxtagarchilik, xushomad mening dushmanimdir.

 

Shunga qaramasdan, bugungi O`zbekiston muxolifati to`g`risida adashayotgan bo`lsam behad quvongan bo`lardim. Bordi-yu haqiqatan ma’lum rejimga-tartibga ega, faol ishlab turgan mavjud tashkilotni men tarqab ketdi, deyayotgan bo`lsam,  unday tashkilot mening radiodagi uch-to`rt minutlik so`zim bilan obro`sizlanib qolmaydi. Tojiklar muxolifati bunga yaqqol misol. Ular haqida nimalar, deyilmadi. O`zbekistonning o`zida ularga qanchalar tuhmatlar yog`dirdilar. Biroq ular tashkilot edilar bugun ular bilan jahon hisoblashmoqda.

 

Ming afsuski, birodar, bugun chet elda ham, Vatanda ham O`zbekiston muxolifati yo`q. Ular haqida quruq gapdan boshqa hech vaqo yo`q. Chetda muxolifatchilarmiz, deb yurganlarning yortisi josus bo`lsa, qolgan yortisi josuslar qo`lida qo`g`irchoqqa aylangan ayanchli kimsalardir.

 

Do`stni dushmandan ajrata bilmaslik xiyonatdir. Hatto u katta jinoyatdir.

Bir zamonlar Olmoniya kontseleriga saylangan Villi Brand, o`z yordamchilaridan biri sovet josusi ekanligi aniqlagan zamon zudlik bilan iste’foga ketgandi. Ammo bizning “mashhur muxolifatchilarimiz” josuslar bilan yonma-yon, “aka-uka” bo`lib yashashni osoyishta yashash usuli, deb hisoblashadi.

 

Bular barchasi 1995-1996 yillar davomida yig`ilgan xulosalarning bir misqolidir, xolos.

Shunga qaramasdan qayta kirish ehtimoli bor bo`lgan eshikni qattiq yopish istagim yo`q.

 

Sizning va mening bu nordon so`zlarimizni “Do`st achitib gapiradi, dushman kuldirib”, qabilida qabul qilishga harakat qilaman. Siz ham shunday qilarsiz, deb o`ylay man. Ammo Yusuf yonimizda qolar ekan, sizga achinishdan o`zga hech narsa, deya olmayman. Iloha Alloh barchamizni isloh etgay. Aliboy Yo`lyaxshiev. 25.12. 1996 yil

 

Asosan ana o`sha yuqorida keltirilgan ikkita sabab bilan men va Muhammad Solih orasida sovuq munosabatrlar maydonga kelib, bu ancha vaqt davom qildi. Shuning uchun ham men 1997 yilning boshida Istanbulga yordam izlab kelganimda ham M. Solih bilan uchrashishga mutlaqo qiziqmadim. Biroq M.Solih oraga odam qo`yib meni bir necha marta birga ishlashga chaqirdi. Shunga qaramasdan unga yaqinlashmadim. Chunki u odam bilan birga ishlab qanoatlanib bo`lmaydi deb hisobladim. Ammo mening Istanbulda kun ko`rishim anchagina qiyinchiliklarga duch kelgan bo`lishiga qaramay, o`sha zamonlarda Istanbulda yashashayotgan va ahvollari etarlicha durust bo`lishgan A. Po`lat va M. Solihlarga yordam so`rab bosh urmadim.

 

Aslini olganda men har doim M.Solihga nisbatan faqat soyosiy qarashlarim sovudi deb hisoblab keldim. U bilan insoniy munosabatlarni esa, buzmaslikka urindim. Shuning natijasi o`laroq 1999 yili Eronning Mashhad radiosi M.Solih haqida mendan fikr so`rashganlarida uning haqida bilganlarimni va unga bo`lgan insoniy munosabatlarimni so`zlab bergandim. O`sha so`zimni ham pastroqda keltiraman. 

 

Biroq o`sha 1996 yilning oxirlaridan boshlab M. Solih bilan munosabatim ilgargidek, ya’ni 1995 yildagidek durustlashgani yo`q, desam bo`ladi. Ammo taqdir bizning ikkimizni ham 1999 yildan keyin Norvegiyaga keltirdi. Bu erda, Norvegiyaning Bergen shahrida men; Oslo shahrida M. Solih bir necha yil qo`shni bo`lib yashadik. Ana shu vaqt ichida O`zbekistonliklar, hamshaharlar safatida bir-ikki marta ko`rishdik. Buning ustiga Daniyada siyosiy boshpana olgan Abduvohid Pattaev, Osloda yashovchi Tojikistonlik siyosiy muhojir Abduvohid Kasoniylar aralashib, eski iliq munosabatlarimiz bir muncha tiklanganday ham bo`ldi. Shular sabab bo`lib, M. Solih u-bu masalalar haqida maslahat bilan menga tez-tez telefon qilib turadigan bo`lib qoldi. Nimadir sabab bo`lib, M.Solih va Namoz Narmurod (bu vaqtga kelib Namoz Normurod ham Norvegiyadan siyosiy boshgana olgandi) oaralarida ham munosabatlar sovub qolgandi. Men ularning orasida vositachi bo`lib o`sha sovugan aloqalarni o`nglagan ham bo`ldim. A. Pattaev va men ikkimiz tashabbusimiz bilan ”ЎЗБЕКИСТОН БИРЛАШГАН МУХОЛИФАТИ, ФОРУМИ (ЎзБМФ) ёки ҲОРИЖИЙ БЮРОСИ (ЎзБМҲБ)” tashkil qilish bo`yicha tuzilgan loyihaga (loyihaning o`zi yuqorida keltirilgan) M. Solohni rozi qilgandek ham bo`ldik. Biroq bizning navbatdagi harakatlarimiz ham natijasiz yo`lda qolib ketdi. N.Normurod va M.Solih munosabatlari ham negadir qaytadan buzilib qoldi. Men va M.Solih oramizdagi munosabatlar esa, butunlay boshqa turdagi sabab va faqat M. Solihning o`z kamchiligi oqibatida to`xtab qoldi.

 

Men 2003 yilning oxirida Gollandiyada siyosiy muhojirlik maqomi olgan Adham Eshmanov ismli birisi bilan uchrashdim, ya’ni Gollandiyaga uning uyiga bordim va u erda 20 kun qoldim. Yigirma kunlik vaqt davomida o`rtamizda anchagina suhbatlar bo`lib o`tdi. U menga bir qancha  hujjatlar korsatdi. Aslida A. Eshmanov, Sovet qo`shinlari harbiy razvetkachisi maktabini o`tagan, hayotining asosiy qismini sovet harbiy razvetchigi vazifasida o`tkazgan bir kishi edi. Harbiy va siyosiy saviyasi etarli darajada etuk, bir necha chet tillarda juda yaxshi so`zlasha oladigan  bir mutaxassis edi. A. Eshmanovning mutaxassisligidan tashqari asli insoniy basharasi, mafkurasi qanday kishi? U kimga ishlagan, kimga ishlaydi, hozir kimga ishlayapti? kabi savollar boshqa mavzu. Bu mavzuga boshqa joyda alohida to`xtalamiz.  Men A. Eshmanov bilan uchrashimdan bir yilcha avval M.Solih ham uning uyida mehmon bo`lgan va bir oyga yaqin vaqt ular ikkalasi birgalashib ishlashganlar va tijoriy va siyosiy ahamiyatga ega bo`lgan bir qator ishlar bajarish haqida kelishib olishganlar. U ishlarning loyihalarini va ularni amalga oshirish rejalarini tuzishganlar. Biroq u ishlar ham amalga oshmay qog`ozda yozilgan loyiha va reja shaklida qolib ketgan. A. Eshmanov, o`sha ishlarning mana shunday baror olmaganida  M. Solihni ayb dor hisoblaydi. Uning qo`lida aytganlarini isbotlayidigan ma’lumotlar bor.

 

O`sha A. Eshmanov bilan uning uyida o`tirgan vaqtimizda rus tilida bir maqola yozdik. Maqolaning asosiy mazmuni va skeletini men tuzdim va yozdim. A. Eshmanov esa, o`zida bo`lgan ba’zi faktlarni qo`shib va ruscha tahririni o`rniga keltirib, maqolani oxirgi ko`rinishga  keltirdi. Ana o`sha maqolada O`zbekiston muxolifatining hozirgi ahvoli va uning liderlari haqida ham ikki og`iz tanqidiy so`z yuritiladi. Biroq maqolada O`zbekistonliklardan Safar Bekjonning ismidan boshqa deyarli hech qanday ismga ochiq tanqidiy fikr keltirilmaydi. O`sha adressiz tanqidni M. Solih o`z adresiga qattiq olib, men bilan aloqalarini to`xtatishni lozim ko`rdi. Nima deysiz, Allohu taolo har kimga har xil aql va farosat bergan, axir.

 

O`sha maqolaning orginalida (rus tilida), masalan mana shunday tanqidlar bor edi:  Вот уже более 10 лет на чужбине продолжаются хождения по мукам узбекских оппозиционеров. Один из них это я. Скажу без лишней скромности, что все это время я был одним из инициаторов создания объединенной оппозиции. Выступал с предложениями об объединении в 1995 году в Вашингтоне и в Москве, в 1996 поду в Станбуле и в 1999 году в Норвегии. В 1994 году  неоднократно обращался к сопредседателю НДУ “Бирлик“ А. Пулатову спредложениями по вопросу объединения представителей узбекской оппозиции. Увы, мой голос не был услышан, и путь к объединению оказался тернистым. Всегда преградой был вопрос, кто должен быть председателем объединенной оппозиции, “лидеры“ не могли договориться между собой. Так и прошли десятки лет, и время идет дальше. Меня по сей день беспокоят вопросы о судьбе оппозиции и судьба самих узбекских оппонентов режима. Что мы должны делать, и что делаем сейчас, будучи разрозненными, в разных уголках мира? А также остро стоит вопрос, что мы можем сделать для улучшения жизненных условии народа? Что ожидает нас и наших дей на чужбине, как и когда, с кем мы могли бы вернутся на Родину? Что и кто мешает для того, ятобы мы объединились для выработки оптимальных путей решиния вопросов диалога и выхода из создавшейся кризисной ситуации?

 

Уже много сказано и несчислимо написано, что в Узбекистане бесчинствует власть, и народ обнищал до предела. Ни для кого не секрет и то, что каримовский режим привел страну к социално экономическому коллапсу. В этих условиях, чем мы должны были заниматься и чем в настоящее время занимаемся? Общеизвестно, что оппозиция должно иметь структуру-финансово подкрепленную организацию и только тогда она дееспособно. Мы, узбекские политиммигранты, имеем ли подобную структуру-организацию? К сожалению, НЕТ. Мы за 12-летнюю истории оппозиции не смогли объединиться вокруг часто произносимой идеи демократии. Наоборот, мы все успешнее разъединяемся. Основной бедой для нас оказалось наше “Я“ и подверженность бороться самим собой. К тому же, нашим противникам сыграла на руку наша политическая незрелость. Возникает резонный вопрос, что необходимо делать, а чего не надо делать, чтобы создать объединенную оппози цию? Эти вопросы задает себе каждый здравомыслящий человек. И где искать ответы на эти вопросы? Не кажется ли вам, чтобы получить ответ на эти вопросы  нам надо посмотреть на самих себя со стороны. [Ўзбек ўқувчилари ичида рус тилини билмаган бўлиши мумкинлигини ҳисобга олиб, келтирилган русча иқтибоснинг ўзбекчага ағдарилганини ҳам бу ерда келтираман: Ўзбек мухолифати вакилларининг дунё бўйлаб сарсон саргардон кезиб юрганларига ҳам  мана 10 йилдан кўпроқ вақт ўтиб бўлди. Уларнинг бири каминаи фақирдир. Шуни ҳам айтишим лозимки, ўтган ўн йилдан кўпроқ вақт ичида доимо Ўзбекистон бирлашган мухолифатини ташкил этишнинг ташаббускорларидан бири бўлиб қолдим десам мақтаниш бўлмайди деб ўйлайман. Масалан, 1995 йилда Вашингтон ва Москвада, 1996 йилда Истанбулда ва 1999 йилда Норвегияда Ўзбекистон бирлашган мухолифатини тузиш бўйича аниқ таклифлар билан чиқиш қилдим. 1994 йили “Бирлик” халқ ҳаракатининг раисдоши А. Пўлатовга бир неча марта мактублар ёзиб, мухолафат сафларини жипслатириш ҳақида қатор таклифлар киритиб, фикрлар билдирдим. Афсуслар бўлсинким, менинг таклифларимни эшитадиган қулоқлар кар бўлиб қолдилар ва бирлашишга борадиган йўл ўтиб бўлмас нотекис эканлиги маълум бўлди. Бу йўлда асосан бирлашган мухолифатнинг раҳбари масаласи энг муҳим ғов бўлиб турди. Ҳар доим мавжуд ”лидерлар” ўзаро келиша олмаётганликларини намойиш қилишди. Шундай қилиб, ўн йиллардан иборат замон ўтиб кетди ва яна вақт кутмасдан ўтиб барояпти. Мени эса, мухолифатнинг, Ватандаги режим оппонентларининг ўз аҳволи, уларнинг тақдири масалалари ташвишга солади. Аслида биз нималар қилишимиз керак эди, дунё бўйлаб сочилиб ётган бир аҳволда ҳозир нималар қилмоқдамиз? Шунингдек, халқ оммасининг яшаш шароитини яхшилаш учун биз нималар қилишимиз мумкинлиги муҳим ва долзарб масалалигича бутун бўю басти билан олдимизда кўндаланг турибди. Бизни ва бизнинг болаларимизни бу бегона юртларда нималар кутаяпти, қандай ва қачон, нималар билан биз Ватанга қайтамиз ва қайтишимиз мумкин? Ҳозир Ватан олидида ва бизнинг ўз олдимизда юзага келган кескин вазиятдан чиқиш ва ўзаро мулоқат масалаларини ҳал қилишнинг оптимал йўлларини ишлаб чиқишга ким ва нималар ҳалақит бераяпти?

 

Ўзбекистонда ҳокимиятнинг бебошлиги ва унинг халқ оммасини кабағалликнинг энг пастки нуқтасига олиб бориб қўйганлиги ҳақида ҳозиргача жуда кўп сўзладик ва сўзланди, ва ҳисоби йўқ миқдорда ёздик ва ёзишдилар. Каримов режимининг мамлакатни ижтимоий-иқтисодий жиҳатдан жар ёқасига олиб бориб қўйганлиги ҳам ҳеч кимга сир эмас. Ана шундай бир шароитда биз нималар билан шуғулланишимиз лозим эди ва айни замонда нималар қилиш билан бандмиз? Ҳар қандай бир ташкилот, жумладан мухолифат ташкилоти ҳам, қатъий тизим (структура)га эга бўлиб, молиявий тарафдан яхши таъминланган бўлгандагина бирор ишга лаёқатли бўлади.  Очиқ кўнгул билан ҳеч қурса бир марта мардларча тан олайлик, биз ўзбек сиёсий муҳожирлари шунақа тизим(структура)ли ташкилотга эга бўлганмидик ёки ҳозир шундай ташкилотга эгамизми? Афсусларким, ЙЎҚ, дейишга тўғри келади. Кейинги 12 йил давомида биз, жуда мароқ билан сўзларимизни безайдиган демократия ғояси атрофида ҳам дурустроқ уюша олмадик. Аксинча биз муваффақиятли бир суръатда бир-биримиздан ажралиб кетмоқдамиз, орамиздаги фарқлар кун сайин бир-биридан узоқлашмоқдадир. Асосий мусибатимиз шундаки, ҳар биримиз ўз ”Мен”и, манманлиги билан кураша олмайдиган бўлиб қолганмиз. Ана шу каби бизнинг сиёсий хомлигимиз ҳар доим бизнинг рақибимизга қўл келиб турибди. Айтилганлар, бирлашган мухолиф куч тузиш учун нима қилишимиз ва нималар қилмаслигимиз зарур? каби ўта асосли саволни ўртага чиқаради. Бугун ҳар бир соғлом фикрли киши бу каби саволларни ўртага қўйишга ҳақлидир. Бу ҳаётий аҳамиятга молик саволларга жавобларни қаердан излаймиз ва излашимиз лозим? Бу саволларга етарли даражада муносиб жавоб олиш учун биз ўзимизга ташқаридан бир назар солишимиз керакка ўхшамайди ми-а? Азиз ўқувчи, сиз нима дейсиз?]“

 

2004 йил январ ойида сентрасиа.ру саитида босилган “Хождение по мукам – Сарсон саргардонликда” (автор: А. Йуляхшиев) номли мақолада келтирилган мана шу юқоридаги танқидий сўзлар М.Солиҳнинг жуда ҳам ғашига тегиб кетган кўринади, ўшандан буён у мен билан алоқани бир томонлама тўхтатди. Мен эса, бундан кўп ҳам хафа эмасман. Чунки бу билан мен жуда кўп нарса йўқотганим йўқ. Бироқ М.Солиҳнинг бу позитсияси, биринчидан танқид ҳақиқатан унга ҳам тўла тегишлигини кўрсатса, бошқа тарафдан бу танқидлар косасининг тагида ним коса ҳам борлигидан хавфсираётганидан дарак беради дейишим мумкин. Танқидни қабул қила олмаган, холисона танқидга чидай билмаган, улардан тўғри хулосалар чиқармайдиган, танқид қилувчини ўзига душман биладиган кишини одамларнинг бирор гуругиҳига бошлиқ қилиш ўта хафлилиги ҳам исбот талаб қилмайди. Бу ҳолни либерал демократия идеологларининг ”Тўғри ва нормал ишлайдиган демократик система, ҳокимиятга қарши тура оладиган етук жамоатчилик институтлари – ҳуқуқ, маҳкама системаси, бақувват парламентга эга бўлиши лозим. Ҳокимиятдан ташқарида эса, ҳукуматни танқид қиладиган ва унинг фаолиятини оммага тушунтириб турадиган фуқаро жамияти, эркин оммавий ахборот воситалари мавжуд бўлиши керак” дейилган принсипларига солиштирсак, бундан нима келиб чиқади. Буёғи ўқувчиларга ҳавола. Хуллас, мана шу гаплар билан илгари ҳам жуда иссиқ бўлмаган мен ва М.Солиҳ орасидаги алоқалар 2004 йил январидан бошлаб такрор тўхтаб қолди.      

   

13. M. Solih shoir va siyosat odami.

Eronning Mashhad radiosi o`zbek tilida eshittirishlar bo`limi M. Solihning shaxsi va siyosiy faoliyati haqida mendan fikr so`rashdi. Men ham uning haqida o`z bilganlarim asosida tubandagi matnni tayyorladim va uni “M. Solih shoir va siyosat odami” deb ismladim. O`sha matnni radio xodimlariga telefonda o`qib berdim.

 

”M.Solih, o`z badiy ijodidan na’munalar va siyosiy qarashlarini ifodalagan ”Iqror” nomli kitobini 1996 yilda nashr etib, unda tarjimoyi holiga ham bir muncha o`rin bergan. Kitob bilan tanishib chiqqan kishi shoir va siyosatchi M.Solih haqida etarli tasavvurga ega bo`ladi, deb hisoblayman. Bu erda men so`nggi vaqtlarda unga qarshi ketma-ket hech bir asossiz uyushtirilayotgan ig`volar munosabati bilan uning shaxsini qisqacha xarakterlab o`tishni lozim topdim.

 

M.Solih 70-yillar 2-nchi yarimidan so`ng yosh shoir sifatida tanila boshladi. Bu zamonga kelib uning anchagina sh’erlari matbuotda e’lon qilingan edi.

 

Haqiqatda esa, Krujilin ismli bir kimsaning ”Pravda vostoka”(”Sharq haqiqati”) va ”Sovet O`zbekistoni”(15.12.1988 y.) gazetalarida  nashr etilgan ”Haqiqatgo`y Muhammadning ikki xil so`zi” maqolasidan so`ngra M.Solih ismi xalq orasida, ayniqsa progressiv ziyolilar o`rtasida ancha mashhur bo`lib qoldi. U kishilar ko`z o`ngida inqilobchi shoir sifatida gavdalana boshladi. Ba’zi shaxsiy suhbatlarda (sovet davrida shunaqa burchak suhbatlari bo`lardi) M.Solih stalin davri qatag`onlari qurboni Usmon Nosirga qiyoslanadigan bo`ldi. Ammo ko`p o`tmay sovetlarda yangi siyosat, bir muncha yumshoq siyosat shabadalari esa boshlashi  munosabati bilan O`zbekistonda ham jamiyatdagi ba’zi xato-kamchiliklar haqida ochiq so`zlash mumkin bo`ldi. Yozuvchi-shoirlar, ayniqsa ularning yosh qatlamida jamiyatning qusurlariga qarshi kayfiyat ochiq ko`rinish bera boshladi. Ana shunday ochiq kayfiyatda bo`lgan yosh shoirlarning sadorlaridan biri M.Solih edi, desak xato qilmagan bo`lamiz. Haqiqatda jamiyatdagi kamchiliklarga ochiq qarshi chiqqan yosh shoirlar guruhi O`zbekistonda ”Birlik” xalq harakatiga asos solishdi. Bu harakatga asos solgan guruhda ham sardor yoki sardorlardan biri M.Solih bo`ldi. Bu guruh ”Birlik”ka asos solish bilan birga o`zlari ham harakatdagi siyosatga qo`shilib ketishdi. Ana shu zamondan boshlab, M.Solih va uning ijodi adabiyotchilar emas, ko`proq siyosatchilar bahslarining mavzusiga aylanib qoldi.

 

1989 yilga kelib esa,  M.Solih O`zbekistonda milliy ozodlik harakati rahbarlaridan biriga aylandi. Ayni shu yil may oyida O`zbekiston ”Birlik” xalq harakati ta’sis etildi. Bu harakatning yutug`i va mag`lubiyatlari bilan birga M.Solih shaxsi ham mamlakatda yana ko`proq tarqaldi va u xalq ichida tanildi.

 

”Birlik” xalq harakatining tashkil bo`lishida ham, uning bo`linishida ham M.Solihning ta’siri katta bo`ldi. Harakatning bo`linishida ob’ektv va sub’ektiv sabablar bor, albatta. Ammo u boshqa bir mavzu.

 

1988 yili ”Birlik”ning ilk varaqalari va dasturlarini tuzgan, uni targ`ib qilgan faol M.Solih 1989 yilning so`nggida Harakatdan chiqib ketdi. M.Solih ”Birlik”dan chetlashgandan so`ng ko`p o`tmay u yangi partiya, ”Erk” demoratik partiyasini tuzdi va unga rais bo`lib saylandi. ”Erk” partiyasi bir muncha zamon O`zbekistonda ancha faol harakat ko`rsatdi.

 

1990 yili O`zbekiston Oliy Kengashiga deputatlikka saylangan M.Solih, endi rasmiy siyosat kishisiga aylandi. Ammo u rasmiy siyosat odami sifatida emas, aksincha hukumatga muxolif partiya rahbari sifatida ko`proq mashhur bo`ldi.

 

M.Solih yangi partiya raisi sifatida 1991 yilda O`zbekistonda o`tkazilgan prezidentlik saylovlarida Respublika Prezidentligiga o`z nomzodini qo`yishga erishdi. O`zbekistonda demokratik saylovlar o`tkazish tartib – qoidalari yo`qligi sababli saylovlarda M.Solih mag`lub bo`ldi, deb hisoblandi. Haqiqatda esa, 1991 yilgi saylovlarda Karimov ham saylanishi uchun  zarur bo`l gan ovoz to`play olmagandi.

 

Saylovdan so`ng demokratik dunyo prinsiplariga amal qilib, M.Solih o`z siyosiy faoliyatini davom qilishga kirishdi. 1992 yili boshidanoq u birlashgan muxolifat forumini tuzish tashabbuskori bo`lib chiqdi va shunday forum tuzishga muvaffaq bo`lindi. Hatto birlashgan muxolifat organi ”Forum” gazetasi chiqa boshladi.

 

1992 yil yanvar voqealari, ya’ni o`sha yilgi talabalar g`alayonlarini tashkil etganlar sifatida avval qandaydir ”qora kuchlar” aybdor, deyil-da, oqibatda hamma gap ”Birlik” va ”Erk”ka yuklandi. Ana o`sha voqealar to`lqinlarida M.Solih O`zbekiston Oliy Kengashi deputatligidan iste’fo berdi. 1993 yil boshida esa, uni O`zbekiston organlari hibsga olishdi. Inson huquqlarini himoya etish xalqaro tashkilotlari yordamida M.Solih ozod bo`ldi va zudlik bilan O`zbekistonni tark etdi.

 

Shunday qilib, M.Solih 1993 yildan e’tiboran Vatandan tashqarida, muhojirlikda qolmoqda va imkoni qadar faol siyosiy harakat ko`rsatmoqda. Ammo O`zbekiston hukumati, ayniqsa uning prezidenti I.Karimov uni chet ellarda ham izchil ta’qib etishni davom ettirmoqda. So`nggi vaqtlarda bu ta’qib mutlaqo absurd, kurakda turmas ko`rinish olayapti. M.Solihni taslim etish maqsadida, hukumat uning vatan ichkarisida qolgan tug`ishganlariga jabr-zulm o`tkazilmoqda.

 

Masalan, 16 fevral Toshkentdagi portlashlar munosabati bilan M.Solihni jiddiy ayblashmoqdalar. Bu mutlaqo asossiz ayblashdir. Ammo O`zbekiston hukumati (Karimov) o`sha portlashlar bahonasi bilan M.Solihni terroristik harakat rahbari sifatida INTERPOL yordamida qo`lga olishni rejalashtirgan edi. Boshqa tarafdan aynan shu munosabat bilan ”Erk” partiyasi a’zolariga va M.Solihning tug`ishgan aka-ukalariga asossiz zulm o`tkazmoqdalar.

 

Masalan, yaqinda Toshkent viloyat makamasining olti kishi (ulardan ikkitasi M.Solihning ukalari) ustidan o`qilgan hukmi hech bir dalilga asoslanmagan. Ular faqat ”Erk” partiyasi a’zosi va M.Solihga qarindosh bo`lganlari uchun jazolanmoqda. U olti kishining boshqa ikkitasi butunlay M.Solihga va ”Erk” partiyasiga ham aloqasi bo`lmagan kishilar bo`lib, faqat qachondir Solihning ukalari bilan biror marta tasodifan salomlashganlari uchun jazoga mahkum etildilar.

 

Toshkentdagi portlashlar alohida tahlilga muhtoj. Ular haqida bir qator mantiqiy hulosalarim ham tayyor. Bir zamoni kelsa ular bilan qimmatli radio tinglovchilarni tanishtirish imkoni bo`lar, deb umid qilaman.

 

Hullas, M.Solih keyingi olti yil muhojirlikda qolar ekan, O`zbekistondagi mustabid rejimga qarshi eng faol harakat qiluvchi bo`lib qolmoqda. Shuning uchun diktator Karimovga u xavfli ko`rinmoqda. Ammo hayotda bir tabiiy qonuniyat hukm suradi. Ya’ni har qanday tazyiq, jabr-zulmga qarshi harakat ham ba’zan sekin-asta bo`lsa-da, so`zsiz maydonga keladi. Demak, bugun O`zbekistonda mustabid rejim hukm surmoqda ekan, undan xalq qaqshamoqda, jabr-zulm chekmoqda ekan, unga qarshi qaqshatqich zarbaning ham vujudga kelishi muqarardir. Zulmga qarshi harakatni ham kimdir boshqorishi, unga rahnomayu, sardor bo`lishi ham tabiiydir. Bordi-yu, bugun zulmga qarshi harakatga otlanganlarning bir qismiga M.Solih yo`lboshchilik qilayotgan bo`lsa, bu ham mutlaqo tabiiydir.

 

XX asr diktatorlik rejimlarining emirilish asri bo`ldi. XXI asr ularning to`la va batamom er yuzidan supurib tashlash asri bo`lajak!

 

Turkiston o`lkasi yangi asrning ilk sanalaridayoq bugungi diktatorlardan ozod bo`lar, inshoolloh! Sentyabr, 1999 yil.”

давомига ўтиш ...

 

Hosted by uCoz